“ANDIJON TAJRIBASI”: TA’LIMDAGI YANGI YONDASHUVLAR HUDUDLAR RAHBARLARIGA TAQDIM ETILDI

6 октябрь 2026 год
image

“ANDIJON TAJRIBASI”: TA’LIMDAGI YANGI YONDASHUVLAR HUDUDLAR RAHBARLARIGA TAQDIM ETILDI

 Bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari rahbarlaridan iborat delegatsiya Andijon viloyatida bo‘lib, ta’lim tizimida yo‘lga qo‘yilgan “Andijon tajribasi” bilan yaqindan tanishdi.

 Dastlab Andijon shahridagi 13-sonli umumta’lim maktabida Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i U. Shukurov tomonidan hududda amalga oshirilayotgan yangi tashabbuslar taqdimoti o‘tkazildi.

Unda bolalarda bog‘cha yoshidanoq kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish, “Dual ta’lim” asosida oliy ta’lim muassasalari talabalarini ta’lim tashkilotlariga biriktirish hamda “Kelajak meniki” loyihasi orqali 7–11-sinf o‘quvchilarining qiziqishlari va kelajakdagi rejalarini aniqlash borasidagi ishlar haqida ma’lumot berildi. Shundan so‘ng delegatsiya 13-maktabda o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘rgatish maqsadida tashkil etilgan “Monomarkaz” faoliyati bilan tanishdi.

 Tashrifning keyingi manzili Andijon shahridagi 41-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘ldi. Bu yerda bolalarda kichik yoshdan boshlab kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish bo‘yicha olib borilayotgan amaliy mashg‘ulotlar namoyish etildi.

“Andijon-Huanya Xalqaro texnikumi”da esa delegatsiya a’zolariga dual ta’lim asosida tashkil etilgan o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar jarayoni taqdim etildi.

 Shuningdek, “Ertaklar olamida” nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanuvchilarga kasbiy ko‘nikmalar va xorijiy tillarni bolalikdanoq o‘rgatish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan amaliyot bilan tanishildi.

Tashrif yakunida Andijon shahridagi 18-sonli umumta’lim maktabida o‘quvchilarga IT yo‘nalishlarini maktab davridan o‘rgatish, ularning darsdan bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va amaliy kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan “Kasb ustaxonalari” faoliyati namoyish qilindi.

Telegram|Facebook | Web sayt | Instagram | Youtube | Threads|

andijonvmmtb@uzedu.uz
@Andmmtb
@and_mmtb
/and_mmtb